Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi
Xalqimiz tarixida taʼlim-tarbiya, maktab va kitob, ustoz va ilm-fan azaldan yuksak qadrlanib kelgan. Asrlar davomida shakllangan bu ezgu anʼana bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Shiddatli yangilanishlar yoʻlidan borayotgan jonajon Oʻzbekistonimizda maktab taʼlimi jamiyat taraqqiyotining asosiy ustunlaridan biri sifatida eʼtirof etilib, sohaga davlat siyosati darajasida alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan 2-sentyabr kuni yurtimiz boʻylab barcha umumtaʼlim muassasalarida «Birinchi qoʻngʻiroq» tadbirlari tashkil etildi. Mamlakatimizning har bir burchagida bayram shukuhi kezib yurgan shu kunlarda oʻtkazilgan ushbu tadbirlarda taʼlim tizimida kutilayotgan yangiliklar va sohada amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar haqida soʻz yuritildi. Maktablar hovlisi va sinfxonalar gullarga burkanib, kichkintoylarning quvonchli tabassumi, ota-onalarning iftixor tuygʻusi va ustozlarning mehrli nigohi ushbu kunga alohida fayz bagʻishladi.
Amudaryo tumani hokimi Sobir Xoʻjametov tumandagi 36-sonli maktabga tashrif buyurib, «Birinchi qoʻngʻiroq» tadbirida ishtirok etdi. U barcha oʻqituvchi va oʻquvchilarni, ota-onalarni yangi oʻquv yilining boshlanishi, Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik qutlugʻ bayramiga uygʻun va hamohang holda oʻtayotgan Bilimlar kuni bilan chin dildan samimiy muborakbod etdi. Darhaqiqat, istiqlolimizning shonli sanasi bilan hamnafas nishonlanayotgan bu bayram yosh avlod uchun alohida maʼno va mazmun kasb etmoqda.
Tabrik nutqida Prezidentimizning mamlakatimiz maktablari oʻquvchilari va ustoz-murabbiylariga yoʻllagan tabrigidagi fikrlarga alohida toʻxtalib oʻtildi. Muhtaram Prezidentimiz oʻz tabrigida taʼkidlaganlaridek, "yoshlar uchun baxtli va saodatli hayot eshiklarini ochadigan kalit ham, umr yoʻllarida paydo boʻladigan murakkab savollarning yechimi, sinov va mashaqqatlarni yengib oʻtishning kafolati ham faqat bilim, bilim va bilimdir". Ushbu teran fikr har bir oʻquvchi va har bir ustoz uchun oʻziga xos hayotiy dasturulamal boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.
Bilimlar kuni bayramida tajribali oʻqituvchilar va ota-onalar soʻzga chiqib, maktab jamoasini va barcha oʻquvchilarni yangi oʻquv yilining boshlanishi bilan tabrikladilar. Shundan keyin birinchi qoʻngʻiroq chalinib, ilk darslar boshlandi.
Joriy oʻquv yilining ilk darslarida oʻquvchilarga mustaqillikning davlatimiz va xalqimiz hayotidagi ahamiyati, unga erishish yoʻlida jon fido qilgan ajdodlarimizning sharafli hayot yoʻli, bugungi kunda istiqlol sharofati bilan erishilayotgan yutuqlar haqida keng turda maʼlumotlar berildi. Yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini kamol toptirishga qaratilgan bu darslar yangi oʻquv yilining mazmunli ibtidosi boʻldi.
Aytish joizki, Amudaryo tumani boʻyicha 4400 nafardan ortiq oʻquvchi 2026-2027 oʻquv yilida 1-sinfga qabul qilindi. Bilimlar kunida oʻtkazilgan «Birinchi qoʻngʻiroq» tadbirlarida 12 nomdagi oʻquv qurollaridan iborat «Prezident sovgʻasi» barcha 1-sinf oʻquvchilariga tantanali ravishda topshirildi. Ilk bor maktab ostonasini hatlagan kichkintoylar uchun bu sovgʻa nafaqat zarur oʻquv anjomi, balki davlatimiz va jamiyatimizning ularga boʻlgan ishonchi va gʻamxoʻrligining yorqin ramzi boʻldi.
Taʼkidlash oʻrinliki, taʼlim sifatini oshirish borasidagi islohotlar natijasida hozirda tumanda jami 22 ta maktab yangi baholash tizimiga oʻtib, bu koʻrsatkich jami maktablarning 25 foizini tashkil qildi. Yangi 2026-2027 oʻquv yilidan boshlab yana 10 ta maktabda mazkur tizim joriy etiladi. Bu esa oʻquvchilar bilimini xolis va shaffof baholash, ularning haqiqiy salohiyatini ochib berish imkonini kengaytiradi.
Tuman hokimining aynan 36-sonli maktab jamoasi va oʻquvchilarini qutlash uchun tashrif buyurgani ham bejiz emas. Mazkur maktabning variativ yoʻnalishdagi 11-«B» «Muhandislik» sinfining barcha 25 nafar oʻquvchisi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirib, talabalik baxtiga muyassar boʻldi. Bunday yuqori koʻrsatkich tirishqoq yoshlarning bilimga intilishi va fidoyi ustozlarning samarali mehnatining yorqin ifodasidir.
Amudaryo tumanidagi barcha umumtaʼlim maktablarida nishonlangan Bilimlar kuni faqat bayram tadbiri emas, balki taʼlim sohasidagi izchil islohotlarning amaliy natijalarini namoyon etgan kun boʻldi. Maktab ostonasini ilk bor hatlagan minglab kichkintoylar va yana bir yoshga ulgʻayib, yuqori sinfda oʻqishini davom ettirishga kirishgan oʻquvchilarning koʻzlaridagi quvonch ularning porloq kelajagidan nishonadir. Zero, bilimli va intellektual salohiyatli avlod — mustaqil Oʻzbekistonning eng katta boyligi va tayanchidir.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶