Bayram arafasida yangi binolar foydalanshga topshirildi
Mustaqillik — bu, avvalo, xalqning ertangi kunga boʻlgan ishonchi, obod va farovon hayot sari dadil qadam demakdir. Yurtimizda istiqlolning 35 yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda Amudaryo tumanida ham bunyodkorlik ishlari, yangilanish va ezgu tashabbuslar oʻzining amaliy ifodasini topmoqda.
Bayram shodiyonalari arafasida tumandagi qator ijtimoiy soha obʼektlari foydalanishga topshirildi. Bu inshootlar, avvalo, aholi uchun munosib shart-sharoit yaratish, yoshlarning sifatli taʼlim olishi, fuqarolar bandligini taʼminlash va mahallalarda xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Mangʻit shahridagi 30-sonli umumtaʼlim maktabi uchun barpo etilgan yangi qoʻshimcha bino ana shunday bunyodkorlik ishlarining yorqin namunalaridan biridir. 660-oʻrinli zamonaviy qoʻshimcha bino foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tashkil etilgan ochilish marosimida tuman hokimi Sobir Xoʻjametov, hokim oʻrinbosarlari, maktabning faxriy ustozlari hamda taʼlim jamoasi vakillari ishtirok etdi.
Taʼlim maskanining yangi binosi uchun 8 milliard 600 million soʻmdan ortiq mablagʻ sarflandi. Qurilish ishlari “Mangʻit energo stroy” MChJ tomonidan amalga oshirildi.
Ochilish marosimida soʻzga chiqqan tuman hokimi yangi binoda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar oʻquvchilarning sifatli taʼlim olishi, bilim va koʻnikmalarini yanada rivojlantirishiga xizmat qilishini taʼkidladi.
Maktab yosh avlodning dunyoqarashi shakllanadigan, orzu-maqsadlari qanot yozadigan, kelajak kasbiga ilk qadamlar qoʻyiladigan muqaddas dargohdir. Shu maʼnoda, yangi 660-oʻrinli bino yuzlab oʻquvchilar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Tantanali marosim davomida yangi bino ramziy kaliti quruvchi tashkilot rahbari tomonidan maktab direktoriga topshirildi. Soʻngra ramziy tasma qirqilib, yangi binoning eshiklari oʻquvchilar uchun ochildi.
Mustaqillik bayrami arafasida Oʻrtaqalʼa ovuli hududida foydalanishga topshirilgan mahalla maishiy xizmat koʻrsatish markazi ham aholining kundalik hayotini yanada qulaylashtirishga qaratilgan muhim loyihalardan biridir.
Markazning ochilish marosimida Oʻzbekiston Mahallalar uyushmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi boshligʻi Sagʻindiq Turmanov, tuman hokimi Sobir Xoʻjametov hamda mahalla faollari ishtirok etdi.
Mazkur mahalla majmuasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qarori asosida barpo etildi.
Loyihaga 3 milliard 600 million soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirildi. Qurilish ishlari “Baken qurilish montaj” XK tomonidan amalga oshirildi.
Endilikda mahalla aholisi uchun markazda bir qator xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Majmuada ayollar va erkaklar sartaroshxonasi, kompyuter xonasi, oʻquv markazi, sport zali, tikuvchilik xonasi, novvoyxona kabi xizmat koʻrsatish va ijtimoiy obʼektlar faoliyat yuritadi.
Bu esa, bir tomondan, aholining turli xizmatlarga boʻlgan ehtiyojini oʻz mahallasining oʻzida qondirish imkonini bersa, ikkinchi tomondan, yangi ish oʻrinlari yaratish orqali fuqarolar, ayniqsa, mahalla yoshlarining bandligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Bugun Amudaryoda qad rostlayotgan har bir yangi bino, foydalanishga topshirilayotgan har bir ijtimoiy obʼekt ortida inson manfaatlari, xalq farovonligi va kelajak avlod taqdiri mujassam.
Mustaqillikning 35 yilligi arafasida Amudaryoda foydalanishga topshirilgan ushbu obʼektlar yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining amaliy ifodasidir. Eng muhimi, ular odamlar hayotiga daxldor, kundalik turmushini yaxshilashga xizmat qiladigan ezgu maqsadlarga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatlidir.
Zero, obod mahalla, zamonaviy maktab, munosib mehnat va yashash sharoiti — farovon jamiyatning muhim mezonlaridir. Bugun bunyod etilayotgan maskanlar esa ana shu ezgu maqsadlarning mustahkam poydevoriga aylanmoqda.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶