Yuqumli kasalliklarga qarshi emlash boʻyicha koʻrgazmali seminar oʻtkazildi
Hayvonlar orasida tarqaladigan oʻta xavfli yuqumli kasalliklar nafaqat chorvachilik xoʻjaliklariga iqtisodiy zarar yetkazadi, balki aholi salomatligi uchun ham tahdid tugʻdiradi, shu bois ularning oldini olish veterinariya xizmati faoliyatining asosiy yoʻnalishi hisoblanadi.
Amudaryo tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi tomonidan Beshtom mahallasi hududidagi «Mahmud-Mansur-Muzaffar» masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli fermada kuydirgiga qarshi kuzgi profilaktik emlash boʻyicha koʻrgazmali seminar boʻlib oʻtdi. Tadbirda veterinariya shifokorlari va tashxis markazi mutaxassislari qatnashdi.
Seminarda taʼkidlanganidek, tumanda chorvachilik yoʻnalishida 53 ta subʼekt faoliyat koʻrsatmoqda va 2026-yilda barcha toifadagi xoʻjaliklarda qoramollar soni 181,3 ming boshga yetdi. Joriy yilning oʻtgan davrida jami 17,4 ming tonna goʻsht tayyorlanib, 69,3 tonna sut sogʻib olindi. Hozirda tuman boʻyicha barcha toifadagi xoʻjaliklarda 67,9 ming bosh mayda shoxli mol mavjud boʻlib, 9 ta parrandachilik subʼekti va aholi xonadonlarida 1 million 132 ming bosh parranda boqilmoqda.
Boʻlim tomonidan qishloq xoʻjaligi va uy hayvonlari orasida oʻta xavfli kasalliklarning oldini olish maqsadida tumanda 5 ta ishchi guruhi tuzilgan boʻlib, ularga veterinariya va tashxis markazi mutaxassislaridan 28 nafari jalb qilingan. 2026-yilning oʻtgan 8 oyida qator diagnostik va profilaktik tadbirlar amalga oshirilgan.
Jumladan, brutsellyozga qarshi salkam 40 ming bosh yirik va salkam 15 ming bosh mayda shoxli mollar, qorasonga qarshi 12,5 ming bosh yirik shoxli mollar emlangan. Kuydirgiga qarshi esa 74 ming boshga yaqin yirik, 56 ming boshdan ortiq mayda shoxli mol, 467 bosh ot va boshqa turdagi hayvonlar emlashdan oʻtkazilgan. Bundan tashqari, 12 ming 172 ta obʼektdagi 684 ming 934 kvadrat metr maydonda dezinsektsiya ishlari bajarilgan. Veterinariya-sanitariya qoidalarini buzgan 8 nafar fuqaroga nisbatan 1 million 648 ming soʻm jarima qoʻllanilgan.
Koʻrgazmali mashgʻulotlar davomida mutaxassislar tomonidan kuydirgiga qarshi kuzgi profilaktik emlash jarayonida eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlar haqida maʼlumotlar berilib, emlash jarayonlari koʻrgazmali tarzda namoyish qilindi. Bunday mashgʻulotlar veterinariya mutaxassislari hamda fermer xoʻjaliklari, chorvachilik bilan shugʻullanuvchi korxonalar oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlaydi, emlash ishlarining sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlaydi. Bu esa hududda veterinariya osoyishtaligini saqlash va chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni barqaror oshirib borish imkonini beradi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶