Ichimlik suvi taʼminoti boʻyicha koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati oʻrganilmoqda
Kommunal xizmatlar sifati aholi turmush darajasini belgilaydigan asosiy mezonlardan biri sanaladi. Toza ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimining uzluksiz ishlashi esa shu mezonning eng asosiy qismi hisoblanadi. Shu bois sohada davlat nazorati yildan-yilga kuchaytirilib, amaliy tekshiruvlar hududlarda muntazam tus olmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspektsiyasi tomonidan isteʼmolchilarga yetkazib berilayotgan ichimlik suvi hamda ularga koʻrsatilayotgan oqova suv xizmatlarining sifati doimiy ravishda nazorat qilib borilmoqda. Bu yoʻnalishdagi ishlar tumanlar kesimida navbat bilan, tasdiqlangan jadval asosida olib borilmoqda. Navbatdagi oʻrganish ishlari Amudaryo tumanida amalga oshirildi.
“Qoraqalpoq suv taʼminoti” aktsiyadorlik jamiyati xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tadbir davomida jismoniy va yuridik shaxslarga qarashli binolar koʻzdan kechirildi. Xususan, isteʼmolchilarning tarmoqqa qonuniy ulanganlik holati, toʻlov intizomi hamda xavfsizlik talablariga rioya qilinishi tahlil etildi.
Shuningdek, aholi va tadbirkorlik subʼektlari orasida xizmatlar haqini oʻz vaqtida toʻlash va tabiiy resurslardan tejamkorlik bilan foydalanish targʻib qilindi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, 2026-yilning oʻtgan yetti oyi davomida inspektsiya tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha jami 319 ta noqonuniy ulanish aniqlangan. Shundan 144 tasi ichimlik suv tarmoqlariga, 3 tasi oqova suv tarmoqlariga ulanish, 172 tasi esa suv hisoblagichlaridagi plombalarga oid holatlardir.
Koʻrinib turibdiki, aniqlangan holatlarning yarmidan koʻpi aynan hisoblash uskunalari bilan bogʻliq. Ushbu holatlar natijasida “Qoraqalpoq suv taʼminoti” aktsiyadorlik jamiyatiga yetkazilgan zarar miqdori salkam 300 million soʻmni tashkil etgan.
Shu bilan birga, respublika hududida joylashgan byudjet tashkilotlarida ichimlik suvidan foydalanish qoidalariga amal qilinishi yuzasidan 231 ta oʻrganishlar oʻtkazilgan. Natijalarga koʻra, 23 ta tashkilotda kamchiliklar qayd etilgan. Ulardan 3 tasiga kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan koʻrsatma kiritilgan, 20 tasiga nisbatan esa umumiy qiymati 102,1 million soʻmlik maʼmuriy jarimalar rasmiylashtirilgan.
Bunday tekshiruvlar suv resurslaridan foydalanishda tartibni mustahkamlash, hisob-kitob aniqligini taʼminlash va halol isteʼmolchilar manfaatini himoya qilishga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatlidir. Noqonuniy ulanishlarning oldini olish esa tizimning moliyaviy barqarorligini saqlashga, shu orqali xizmat sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. Ayni paytda hududlarda nazorat bilan bir qatorda targʻibot ishlari ham uzluksiz davom ettirilmoqda.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶