Jayhun mahallasida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga manzilli koʻmak koʻrsatilmoqda
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimini idora darajasidan mahalla darajasiga tushirishga, yaʼni yordamni muhtoj inson ostonasiga yetkazish mexanizmini yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi Farmoniga asosan mahallalarda ijtimoiy xodim lavozimi joriy etilgan boʻlib, ular aholining ijtimoiy yordamga muhtoj 12 ta toifasi bilan bevosita ishlaydi. Amudaryo tumani Jayhun mahalla fuqarolar yigʻinida ushbu vazifani 2024-yil 25-noyabrdan buyon ijtimoiy xodim Jamila Haytimbetova bajarib kelmoqda.
Mahalla hududida 648 ta xonadon joylashgan boʻlib, ularda 1108 ta oila istiqomat qiladi. Ijtimoiy xodimning faoliyati, avvalo, har bir xonadonning ahvolini oʻrganish va yordamga ehtiyoji bor fuqarolarni toifalar kesimida roʻyxatga olishdan boshlangan.
Ijtimoiy xodim xizmat koʻrsatadigan toifalar qatoriga oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz yashovchi keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, ogʻir kasallikka chalinganlar, tazyiq va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlari, kam taʼminlangan oilalar, yetim hamda toʻliq boʻlmagan oilalardagi bolalar kiradi.
Shuningdek, ota-onalik huquqidan mahrum etilmasdan farzandlari olib ketilgan ota-onalar, voyaga yetmagan onalar va otalar, ota-onasi tashqi mehnat migratsiyasiga ketgan bolalar, muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslar, qarovsiz qolgan bolalar, ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtab boʻlgan fuqarolar hamda texnogen, tabiiy va ekologik tusdagi favqulodda vaziyatlardan jabrlanganlar ham shu toifalarga kiritilgan.
2026-yilning toʻqqiz oyi yakunlariga koʻra mahallada yolgʻiz yashovchi keksalar reyestriga 2 nafar fuqaro kiritilgan boʻlib, ularga assistent xizmati koʻrsatilmoqda. 80 yoshdan oshgan 14 nafar otaxon va onaxonga uyda qarovchi biriktirilgan, shu orqali bir xonadonda istiqomat qiluvchi, bandligi taʼminlanmagan fuqarolarning mehnat staji hisoblanib borilmoqda.
Mahallada nogironligi boʻlgan fuqarolar soni 68 nafarni tashkil etadi. Ular orasida 12 nafar I guruh, 42 nafar II guruh va 3 nafar III guruh nogironligiga ega shaxslar, shuningdek, 17 nafar nogironligi boʻlgan bola bor. Shundan 2 nafari tikuvchilik tsexida kasb sirlarini oʻrganib kelmoqda.
Nogironligi boʻlgan fuqarolar bilan manzilli va individual tarzda ishlash yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hisobidan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilmoqda, Nukus tumanidagi Aqmangʻit shahrida joylashgan reabilitatsiya markazida statsionar davolanish uchun esa arizalar rasmiylashtirilib bormoqda.
Qayd etish joizki, ijtimoiy reyestrda turuvchi, doimiy davolanishga muhtoj fuqarolarning murojaatlariga koʻra, jamgʻarma mablagʻlari hisobidan xonadonlarga artezian qudugʻi, suv nasosi va suv filtri oʻrnatib berilmoqda.
Texnogen ofat oqibatida uyida yongʻin sodir boʻlgan mahallada yashovchi bir nafar fuqaroga “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasidan 20 million 600 ming soʻm miqdorida yordam koʻrsatilib, uning uy-joyi taʼmirdan chiqarildi. Yongʻinda yaroqsiz holga kelgan hujjatlarni tiklashda esa “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi yuristi huquqiy koʻmak berdi.
Natijada oila aʼzolarining shaxsini tasdiqlovchi pasportlari, farzandlarining tugʻilganlik haqidagi guvohnomalari va uyning kadastr hujjati qaytadan rasmiylashtirildi. Shu bilan birga, mahallada vasiylik va homiylikka olingan 4 nafar voyaga yetmagan bolaning yashash sharoiti har oy xonadonga borib oʻrganilmoqda.
Boquvchisini yoʻqotgan oilalarning turmush sharoiti ham manzilli tarzda oʻrganilib, belgilangan mezonlar asosida ularga tegishli ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilmoqda. Bunday yondashuv yordamning haqiqatan muhtoj insonga yetib borishini taʼminlab, ushbu toifadagi fuqarolarning muammolarini ijobiy hal qilishda muhim omil boʻlmoqda.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶