Afgʻon urushi faxriylariga yubiley medallari topshirildi
Insoniyat tarixida shunday voqealar borki, ularning suroni yillar oʻtsa-da, qalblarda aks sado beraveradi. Tinchlikning qadrini va musaffo osmonimizning bebaho neʼmat ekanini teran anglashda oʻtmishning ana shunday sahifalarini yodga olish, urush dahshatlarini oʻz koʻzi bilan koʻrgan insonlarning hayot yoʻliga nazar tashlash muhim ahamiyat kasb etadi. Mustaqillik bayrami arafasida Amudaryo tumani tarixi muzeyida ana shunday tadbir oʻtkazildi.
1979–1989-yillar davomida sobiq ittifoq qoʻshinlari tarkibida Afgʻoniston zaminida harbiy xizmat vazifasini oʻtagan afgʻon urushi ishtirokchilari va sobiq quroldoshlar ishtirokida oʻtkazilgan tantanali yigʻilish “Veteran” jangchi faxriylar birlashmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi Amudaryo tumani vakili tomonidan tashkil etildi.
Yigʻilishda Belarus Respublikasidagi Afgʻon urushi faxriylari uyushmasi vakillari, xususan, nafaqadagi podpolkovnik Oleg Bekniyazov va Anatoliy Sushitskiylar mehmon sifatida ishtirok etishdi.
Tantanali marosim davomida jasorati va sadoqati uchun 4 nafar vatandoshimiz “Xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandi. Ular safida 1980–1982-yillarda Afgʻonistonda xizmat qilgan Bozorboy Matqurbanov, 1982–1984-yillarda harbiy xizmat burchini oʻtagan Ozodboy Xoʻjaniyozov, 1985–1987-yillarda afgʻon zaminida xizmat qilgan Komiljon Sobirov hamda Ikrom Rajabovlar bor. Bundan tashqari, Afgʻonistondan sovet qoʻshinlari olib chiqilganiga 20-yil toʻlishi munosabati bilan taʼsis etilgan yubiley medali 5 nafar faxriyga tantanali ravishda topshirildi. Ushbu yuksak eʼtirofga 1979–1981-yillarda xizmat qilgan Shavkat Shomuratov, 1986–1988-yillarda yigitlik burchini bajargan Rahmatullo Xayitboyev, 1985–1987-yillarda armiya safida Afgʻonistonda xizmat qilgan Anvar Baltaboyev, shuningdek, 1981–1983-yillarda afgʻon urushida ishtirok etgan Umirbek Nurimbetov va 1984–1986-yillarda bu qonli toʻqnashuvlarda qatnashgan Abdullo Avezovlar sazovor boʻldilar.
Shu bilan birga, sobiq ittifoq qoʻshinlarining Afgʻonistondan olib chiqilganiga 25-yil toʻlganligi munosabati bilan taʼsis etilgan medal 1984–1986-yillarda xizmat qilgan Qadamboy Erimbetovga topshirildi. Tadbirning mukofotlash qismida Farhod Atojonov va Bozorboy Shamurodovlar ham esdalik yubiley medallari bilan taqdirlanib, ularning ham uzoq yillik xizmatlari munosib eʼtirof etildi.
Tadbir tashkilotchilari tomonidan mehmondorchilik va yuksak hurmat ramzi sifatida belarusiyalik mehmonlarga ham “Veteran” jangchi faxriylar uyushmasining esdalik medali hamda maxsus koʻkrak nishoni topshirildi. Uchrashuvning tantanali qismi yakuniga yetgach, mehmonlar Amudaryo tumani muzeyiga tashrif buyurib, u yerdagi noyob ekspozitsiyalar, tumanning boy tarixi va oʻziga xos madaniyati bilan yaqindan tanishdilar.
Sobiq harbiy xizmat faxriylari bilan muntazam ravishda oʻtkazib kelinayotgan bu kabi jonli uchrashuvlar jamiyatimizda gʻoyat muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. Bunday tadbirlar oʻsib kelayotgan yosh avlod qalbida yuksak vatanparvarlik tuygʻusini shakllantirishga, ularni mardlik va fidoyilik ruhida tarbiyalashga, eng asosiysi, bugungi kundagi osoyishta hayotimiz va tinchlikning haqiqiy qadrini chuqur anglatishga beminnat xizmat qiladi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶