16.08.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
16.08.2026, 12:21
Adabiyot 👁 4,264

Buyuk soʻz sanʼatkori

Buyuk soʻz sanʼatkori

Oʻzbekiston Qahramoni Erkin Vohidov!

Oʻzbekiston xalq shoiri, yetuk davlat va jamoat arbobi Erkin Vohidov!

Bu aziz nom, hoksor va kamtar, odamiy sifatlari yuzida, koʻzida, har bitta soʻzida, dilbar sheʼriy satrlarida aks etib turgan quyosh chehrali inson nainki oʻzbek xalqining, balki shoirni bilgan, tanigan qardosh xalqlarning ham qalbidan munosib joy olgan.

Men Erkin Vohidov nomini taniganimda, tan olganimda hali juda kichikina qizaloq  edim. Tabiatan kitobga, maʼnaviyatga shaydo otam shoirning har bir nashr etilgan yangi kitobini alohida mehr bilan kitob javonimizga terib qoʻyardilar. Biz farzandlariga shoir sheʼrlaridan oʻqib berar, mutolaadan soʻng albatta:

– Yaxshi shoir ana shunday boʻladi, soʻzlarni topib, marjonday tizganini qarang-a! – derdilar.

Shunday qilib, uyimizdagi otam tartib bergan kitob javonimizda Erkin Vohidovning birinchi sheʼrlar toʻplami "Tong nafasi” bilan, nazarimda, mening yuragimga eng musaffo va sogʻlom nafas kirib keldi. Keyin shoirning  ikkinchi toʻplami – 1962-yilda chop, etilgan "Qoʻshiqlarim sizga” kitobi bilan oshno boʻldim. Kitoblar  oʻqilaverib titilib ketganidan har gal otamning  ruxsati bilangina  mutolaaga kirishardik.

– Bu kitoblar chop etilganida hali sen tugʻilmagan eding, yoki goʻdak eding, – derdilar otam kitob sahifalarini ohista silab.

Erkin Vohidov dahosiga hurmat va ehtirom, eʼtibor oilamizda juda yuqori ekanligini har lahzada his qilib ulgʻaygan biz farzandlar uchun otam rahmatlik juda boy maʼnaviyat xazinasini qoldirib ketdilar. Oilaviy kutubxonamizdagi jahon va mumtoz adabiyot durdonalari qatorida Erkin Vohidovning deyarli barcha asarlari quyoshday charaqlab turardi. Men shoirning har safar yangi asarini oʻqiganimda oʻzim  uchun har gal ham dunyoni, ham shoirni yangidan kashf etardim. Shoirning ilk lirik sheʼrlari, ilk yozilgan dostonlaridan soʻng "Nido”, "Palatkada yozilgan doston”, "Yoshlik devoni”, "Oʻzbegim”, "Yesenindan tarjimalar”, "Oltin devor”,  "Sharqiy qirgʻoq”, "Faust”, (Gyotedan tarjima), "Ruhlar isyoni”, "Dogʻistonim” (R.Hamzatovdan tarjima), "Donishqishloqlik Matmusa”, "Bedorlik”, "Istanbul fojeasi”, "Iltimos” "Iztirob”, "Taxt va baxt”, "Muhabbatnoma” kabi asarlari, tarjima asarlaridan soʻng, nihoyat "Soʻz latofati” oilamiz kitoblar javoniga birma-bir tizildi. Bu asarlar kitob javonimizga emas, qalbimizga koʻrk bagʻishladi.

Bugun oʻzbek xalqining solih farzandi, ulugʻnafas shoir Erkin Vohidov har bir inson uchun ideal obrazga aylandi, millat, xalq, maʼnaviyat, insonni inson qilgan buyuk Soʻz fidoyisi sifatida Vatan iftixori darajasida yuksaldi.

Talabalikning oltin fasllaridan birida ToshDU (hozirgi OʻzMU)ning mahobatli tantanalar saroyida taniqli shoir-u adiblar bilan maroqli uchrashuv boʻldi. Shoir-u sheʼru shuur shukuhi dillarni zabt etgan lahzalarda talaba-yoshlardan biri  Erkin Vohidov sheʼri bilan qoʻshiq kuyladi. Qoʻshiq ham, musiqasi ham koʻngillarni mahv etdi. Uchrashuv yakun topib, hamma tarqalishayotir-u negadir shoir Erkin Vohidov qoʻshiq kuylagan talaba bilan gapini tugatay demasdi. Qiziqish bilan shoir va talaba atrofini oʻrab oldik.

– Siz "yaprogʻida”, deb emas, ukajon, "yoprogʻida” deb kuyladingiz, - derdi shoir oʻta madaniyatlilik bilan. Qani, oʻsha oxirgi satrlarni takrorlab bering-chi?

Talaba takrorladi:

Tun bilan yigʻlabdi bulbul,

Gʻuncha hajri dogʻida.

Koʻz yoshi shabnam boʻlib

qolmish aning yoprogʻida

– Ana, koʻrdingizmi, "yaprogʻida”, emas, "yoprogʻida” deyayotirsiz. Yaproq – barg, yoproq  bu – sheva, "yoproq”ning oʻzagi – yop – Xorazm shevasida ariq maʼnosini beradi. Tagʻin yop – yopmoq feʼlining oʻzagi. Uning tarixiy ildizi juda olis. Endi ukajon, "yoprogʻi”, – desak, ariq atrofidagi yer tushuniladi. Soʻzning yuki har doim yelkamizda turmogʻi kerak, – dedilar kulib. Va toki ashulachi-talaba quyidagi satrlarni bexato aytmagunlaricha ketishga shoshilmadilar:

Tun bilan yigʻlabdi bulbul,

gʻuncha hajri dogʻida.

Koʻz yoshi shabnam boʻlib

qolmish aning yaprogʻida.

Koʻz yumar boʻlsam koʻzim –

Oldida paydo gul yuzim.

Gʻuncha koʻz ochmogʻi bor

Bulbul koʻzin yummogʻida.

Yillar oʻtib qahramon shoirning "Soʻz latofati” asari chop etilganida, qimmatli vaqtini sarflab, oddiy havaskor ashulachi-talabaga bitta soʻzda bitta harfni notoʻgʻri aytgani tufayli sheʼr maʼnosi qanchalik xunuk oʻzgargani xususida kuyib-pishib tushuntirishlarida shoirning tilga, soʻzga hurmati naqadar yuksakligini his etdim. Yana shuni yurak-yuragimdan angladimki, shoirning oʻzi fidoyi soʻz zargari boʻlsagina, soʻz qadrini baland tutsagina uning yozganlari, har bitta satrining qadri baland boʻladi. Hech qachon eskirmaydi.

Erkin Vohidov ijodini puxta oʻrgangan zamondoshi, adabiyotshunos olim Ibrohim Gʻafurov: "Oltmish yil mobaynida tabiatning hukmi shiddati bilan koʻp narsalar eskirdi, lekin moʻʼjizani qarangki, shoirning biron satri, biron soʻzi, tashbehi, fikri eskirmadi, har bir avlod uni oʻzi uchun yangidan kashf etdi”, – deb yozganlarida naqadar haq! Chunki bugun shoir ijodiga doir qaysiki maʼnaviyat mavzusidagi davraga bormang Erkin Vohidovga xos "gavhar SOʻZ, zabarjad SOʻZ”ning chinakam tarannumi yuraklarni zabt etganiga guvoh boʻlasiz.

"Tarixingdir ming asrlar

ichra pinhon oʻzbegim,

Senga tengdosh Pomir-u

oqsoch Tiyonshon, oʻzbegim!

Soʻylasin Afrosiyobu,

soʻylasin Oʻrxun xati,

Koʻhna tarix shodasida

bitta marjon Oʻzbegim!”

satrlarini Vatan chegaralarini qoʻriqlayotgan zobit-u askarlardan tortib bogʻcha bolasigacha yod aytadilar. Chunki shoirning "Oʻzbegim” qasidasi Istiqlol farzandlarining siyosiy qarashlarini charxladi, milliy his-tuygʻularini uygʻotdi. Nazarimda, "Oʻzbegim” qasidasi hamon xalqimiz uchun oʻzligini anglash, mudroq yuraklarda oʻz Vatanidan, xalqidan gʻururlanish, iftixor tuygʻusini uygʻotuvchi bebaho maʼnaviy boylikdir.

Shoir dahosiga ehtirom sifatida 9-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabida boʻlib oʻtgan adabiy-musiqiy tadbirda ishtirok etarkanman, tadbirda soʻzga chiqqan adabiyot va sheʼriyat shinavandalari tillarida jarang topayotgan Erkin Vohidov sheʼriya-ti, Erkin Vohidovgagina xos latofatli soʻzning naqadar buyuklik, darajasiga koʻtarilganini his etdim. Oʻsha oniy lahzalarda yana olis talabalik davrimdagi bir goʻzal xotirani yodga oldim. Hurmatli ustozim, Oʻzbekiston Qahramoni, buyuk adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov dedilar:

– Erkin Vohidov – zoʻr shoir. Uning hech bir soʻzidan xato topolmaysiz. Agar "Xamsa” yozish kerak boʻlsa, bizning asrimizdagi "Xamsa”ni faqat va faqat Erkinjon yoza oladi!”

Ozod Sharafiddinov hamma yozuvchi va shoirlarga bunchalik ishonch bilan baho beravermas edilar. Lekin hamma narsaga qiziquvchan talabalar davrasida Erkin Vohidov ijodi haqida soʻz ochilsa, yashnab ketardilar.

Erkin Vohidov! Bu oʻta kamtar, oʻta bagʻrikeng, fidoyi shoir butun ongli hayotini oʻzi aytmoqchi "soʻz durlarini terib” xalqqa hadya etishdek eng xayrli, eng sharafli va eng nufuzli ishga baxshida etdi. Va u butunlay oʻzi sevgan xalq yuragiga singib ketdi, buyuk SOʻZ sanʼatkori darajasiga yuksaldi.

Fasllar aylanadi, yillar oʻtadi, Erkin Vohidov nomi, ijod yoʻli xalqimiz uchun buyuk ibrat maktabi sifatida yashayveradi.

Robiya YOʻLDOShEVA.

🎬 Videogalereya Barchasi →
Bolalar salomatligi nazoratda: gijja kasalliklariga qarshi profilaktika ishlari davom etmoqda Bolalar salomatligi nazoratda: gijja kasalliklariga qarshi profilaktika ishlari davom etmoqda 13.08.2026 Mustaqillikning 35 yilligiga munosib tuhfa: Amudaryoda 49 ta oilaga quvonch ulashilmoqda Mustaqillikning 35 yilligiga munosib tuhfa: Amudaryoda 49 ta oilaga quvonch ulashilmoqda 10.08.2026 Kuydirgi kasalligining oldini olishga qaratilgan maxsus-taktik oʻquv mashqi oʻtkazildi Kuydirgi kasalligining oldini olishga qaratilgan maxsus-taktik oʻquv mashqi oʻtkazildi 10.08.2026 Temir yoʻl sohasi faxriylari kasb bayrami munosabati bilan diydorlashdilar Temir yoʻl sohasi faxriylari kasb bayrami munosabati bilan diydorlashdilar 06.08.2026 Qoramon mahallasida elektr infratuzilmasi yangilanmoqda Qoramon mahallasida elektr infratuzilmasi yangilanmoqda 06.08.2026 Mehnat faxriysi, jamoat arbobi Yangiboy Rajapovning 80 yillik yubileyi nishonlandi Mehnat faxriysi, jamoat arbobi Yangiboy Rajapovning 80 yillik yubileyi nishonlandi 05.08.2026 Amudaryo tumanida gʻoʻza parvarishiga bagʻishlangan koʻrgazmali dala seminari oʻtkazildi Amudaryo tumanida gʻoʻza parvarishiga bagʻishlangan koʻrgazmali dala seminari oʻtkazildi 05.08.2026 Amudaryo tumanida obodonlashtirish ishlari jadallik bilan davom etmoqda Amudaryo tumanida obodonlashtirish ishlari jadallik bilan davom etmoqda 05.08.2026 “Inson” IHM xodimlari tomonidan “Yolgʻiz keksa” reyestriga kiritilgan fuqarolarning xonadonlarida hashar tashkil etildi “Inson” IHM xodimlari tomonidan “Yolgʻiz keksa” reyestriga kiritilgan fuqarolarning xonadonlarida hashar tashkil etildi 04.08.2026 Amudaryoda «Ishbilarmon ayol – 2026» koʻrik-tanlovining tuman bosqichi gʻoliblari aniqlandi Amudaryoda «Ishbilarmon ayol – 2026» koʻrik-tanlovining tuman bosqichi gʻoliblari aniqlandi 04.08.2026 Takroriy ekinlardan moʻl hosil olish yoʻlida Takroriy ekinlardan moʻl hosil olish yoʻlida 01.08.2026 Amudaryo tumanida Xalqlar doʻstligi kuni keng nishonlandi Amudaryo tumanida Xalqlar doʻstligi kuni keng nishonlandi 01.08.2026 Amudaryo tumanida navbatdagi sayyor qabul: Aholi muammolari joyida oʻrganildi Amudaryo tumanida navbatdagi sayyor qabul: Aholi muammolari joyida oʻrganildi 30.07.2026 Mustaqillik bayrami oldidan keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari davom etmoqda Mustaqillik bayrami oldidan keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari davom etmoqda 30.07.2026 Prezident qarori ijrosi: Amudaryoda qishloq xoʻjaligi sohasi vakillari ishtirokida seminar boʻlib oʻtdi Prezident qarori ijrosi: Amudaryoda qishloq xoʻjaligi sohasi vakillari ishtirokida seminar boʻlib oʻtdi 30.07.2026 Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 29.07.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 22-sessiyasi toʻgʻrisida axborot Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 22-sessiyasi toʻgʻrisida axborot 29.07.2026 Harbiy xizmat – shaxsiy kamolot va mardlik maktabi Harbiy xizmat – shaxsiy kamolot va mardlik maktabi 24.01.2025 SARHADLARIMIZ DAXLSIZLIGI, ONA VATAN TINChLIGI YOʻLIDA XALQ VA ARMIYa – BIR TAN-U BIR JONDIR SARHADLARIMIZ DAXLSIZLIGI, ONA VATAN TINChLIGI YOʻLIDA XALQ VA ARMIYa – BIR TAN-U BIR JONDIR 14.01.2025 Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning oldini olish mavzusida koʻrsatuv tasvirga olindi Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning oldini olish mavzusida koʻrsatuv tasvirga olindi 12.05.2024 Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning sabab hamda oqibatlari haqida koʻrsatuv tasvirga olindi Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning sabab hamda oqibatlari haqida koʻrsatuv tasvirga olindi 15.08.2023 Saylov jarayonidan videolavhalar Saylov jarayonidan videolavhalar 24.10.2021 Caylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni yuksak saviyada oʻtmoqda. Caylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni yuksak saviyada oʻtmoqda. 24.10.2021 "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 16-oktyabr kungi soni "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 16-oktyabr kungi soni 17.10.2021 "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 9-oktyabr kungi soni "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 9-oktyabr kungi soni 11.10.2021 Nazarxon ovuli oqar suv bilan taʼminlanmoqda Nazarxon ovuli oqar suv bilan taʼminlanmoqda 17.07.2021 Amudaryo tumanida Ramazon hayiti keng nishonlandi (video) Amudaryo tumanida Ramazon hayiti keng nishonlandi (video) 14.05.2021 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining birinchi sessiyasi toʻgʻrisida AXBOPOT (+video) Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining birinchi sessiyasi toʻgʻrisida AXBOPOT (+video) 15.01.2020 "Munozara" koʻrsatuvining 20.12.2019 kungi soni (siyosiy partiyalarning tuman Kengashlari ishtirokida) "Munozara" koʻrsatuvining 20.12.2019 kungi soni (siyosiy partiyalarning tuman Kengashlari ishtirokida) 21.12.2019 XALQAPO NOGIPONLAP KUNI MUNOSABATI BILAN TADBIP OʻTKAZILDI (+Video) XALQAPO NOGIPONLAP KUNI MUNOSABATI BILAN TADBIP OʻTKAZILDI (+Video) 04.12.2019