FARZANDLARIMIZ OTA-ONA NAZORATIDA TAʼLIM OLGANI YaXShI
Har bir ota-ona uchun farzandining sogʻligi qanchalik muhim boʻlsa, oʻqib, ilm olishi, kasb-hunar egallashi undan-da muhimroq. Bekorga xalqimiz: "yoshlikda olingan bilim – toshga oʻyilgan naqsh”, degan maqolni yaratmagan.
Mening farzandlarim umumtaʼlim maktabining 11-sinfini tamomlab, turli kasb egalari biri – chevar tikuvchi, biri – kutubxona ishlari boʻyicha mutaxassis, yana biri sanʼatkor boʻlib yetishdilar. Hammalari hayotda oʻz oʻrinlarini topishdi. Nevaralarim esa...
Toʻgʻrisi, katta nevaram oʻrta maxsus, kasb-hunar kollejiga oʻqishga kirganida juda quvongan edim. Tanlagan yoʻnalishi boʻyicha yaxshi kasb egasi boʻlib yetishsa, ishlasa, el-yurtga nafi tegsa – qanday yaxshi! Lekin bunday boʻlmadi. Nevaram oʻqishga bir kun borsa, 2-3 kunlab darsdan qoladigan, hatto oʻqishga biron oʻquv qurolisiz ketadigan kunlari koʻp boʻldi. "Nega darslik yoki daftar-qalamsiz oʻqishga borayotirsan?” – desam, "hamma shunday borishadi, oʻqish unchalik boʻlmaydi”, – deb javob berardi. Oʻzim oʻqituvchi boʻlib ishlab, nafaqaga chiqqanim uchun kollejlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida davlatimiz tomonidan yillar davomida ajratilayotgan milliardlab soʻmlik mablagʻlar, barpo etilayotgan kollej binolari, bundan ham muhimi, ayni oʻqib-oʻrganadigan, kasb-kor egallaydigan yoshdagi farzandlarimizning havoga sovurilgan qimmatli vaqtlariga achinib ketardim, har gal nevaramning bunday gaplarini eshitganimda.
Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev oʻrta-maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimi sohasini oʻrganib, taʼlimning bu yoʻnalishida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarga haqqoniy munosabat bildirdilar, 11 yillik majburiy taʼlim tizimini qaytadan joriy etish taklifini ilgari surganlarida, ochigʻi, quvonchdan koʻzlarim namlandi. Axir bizning "Choykoʻl” ovulimizdan tumanimiz markazidagi va Qipchoq ovulidagi kasb-hunar kollejlariga 3-yil davomida chala-chulpa qatnab oʻqib, qoʻlida kollej diplomi bilan ishsiz yurgan qancha yoshlar bor: ularning deyarli barchasi ishsiz, ishlayotganlari ham yollanma ishchilar ekanligini hisobga olsak, farzandlarimizning ota-onasi bagʻrida, oʻz uyidan kirib-chiqib, umumtaʼlim maktabida tahsil olgani, haftaning maʼlum kunlarida kasb yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv kurslari mashgʻulotlarida qatnashib, zarur malaka va koʻnikmaga ega boʻlganlari hamma ota-onalar uchun maʼqul. Shaxsan men nevaralarimning umumtaʼlim maktabida 11 yillik maʼlumot olish asnosida kasb-kor egallashlaridan juda xursandman. Oʻquvchi haftaning belgilangan kunlarida duradgor-ustakorlik, chevarlik, avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish, buxgalteriya hisobi, haydovchilik, toʻquvchilik yoki kompyuter mutaxassisligi kabi hunarlarni belgidangan qisqa muddat ichida oʻzlashtirib olaveradi. Buning uchun kollejga 3-yil qatnashi shart emas. Muhimi, farzandlarimiz oʻzimizning nazoratimiz ostida boʻladi. 11 yillik maktab taʼlimi qayta tiklangani, menimcha, har bir oila, ota-ona uchun ayni muddao boʻldi.
Gulsara KAMOLOVA,
"Choykoʻl” ovuli, faxriy oʻqituvchi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶