16.08.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
16.08.2026, 09:53
Adabiyot 👁 2,921

KUNLARDAN BIR KUN MAHALLADA...

KUNLARDAN BIR KUN MAHALLADA...

Safargul enaning katta oʻgʻli Anvarjon yangi hovli-joy qurib, roʻzgʻorini boʻlakladi. Mahalla-koʻyga dasturxon yozib, yangi imoratga koʻchib oʻtdi. Anvarjon hovli qurgan yangi koʻchaga endigina besh-olti oila koʻchib kelgani uchun tomorqaga oqar suv olib kelishda ancha qiynalishdi. Yaxshiyamki endi poydevor koʻtarayotgan bir-ikki qoʻshnilari juda samimiy, tushunadigan odamlar ekan, birgalashib mahallani kesib oʻtgan katta yopdan yonbosh ariq qazib, suv chiqarishdi. Qoʻshnilaridan biri Saʼdulla ismli yigit hech kimga qoʻshilmadi.

- Sizlar qaziyveringlar, men hovlimga artezian quduq qurdirganman, - dedi nazar-pisand qilmay.

- Saʼdullaboy, - dedi yangi qoʻshnilar ichida keksaroq Tursunboy aka, - bari-bir tomorqaga oqar suv yaxshi. Quduqning suvi sovuq boʻladi, dehqonchilikka unchalik toʻgʻri kelavermaydi.

- Aqlingni maydalab sigir-buzogʻingga ber, aka, - "chirt” etib yerga tupurdi Saʼdulla. – Kerak boʻlsa, oʻnta ariq kovlamaysanmi, menga arigʻing kerak emas!

U shunday deb mashinasiga oʻtirib, joʻnab qoldi.

Koʻchaga ariq qazilgach, yangi koʻchib kelgan oilalarning barchasi tomorqalarini ekishga tayyorlay boshlashdi. Saʼdulla esa har kuni artezian quduqqa elektr nasos ulab, tomorqasini sugʻorishga chogʻlanadi. Oʻn-oʻn besh daqiqa suv chiqaradi-yu, elektr nasos "paq”, etgancha oʻchib qoladi. Nasosni tokdan ajratib, u yer-bu yerini koʻrgach, yana ulaydi. Saldan keyin yana oʻchadi. Jigʻibiyroni chiqqan Saʼdulla goh oldidagi tilsiz temirni, goh xotini, bola-chaqasini soʻkadi. Ekish mavsumi esa oʻtib borayotir.

- Kuyib-pishavermay, qoʻying shu matohingizni, - azbaroyi achinganidan qoʻshnisinikiga chiqdi Anvarjon. - Ana, eshigingiz oldida ariq toʻla suv, quloqni ochsangiz, beminnat oqaveradi.

Anvarning samimiyat bilan aytgan bu gapi Saʼdullaga haqoratday tuyuldi.

- Nima, ustimdan kulayapsanmi? – Qoʻllarini beliga qoʻyib, Anvar tomon hezlandi u. – Men sendan suv soʻradimmi? Eshigim oldidan shu arigʻingni olib ket, nima, maqtanayapsanmi ariq qaziganing uchun!

Anvarjon hang-mang boʻlib qoldi. Shovqinni eshitib, uyiga mehmonga kelgan onasi Safargul ena ham koʻchaga chiqdi.

- Hay, bolam, - dedi u Saʼdullaga yuzlanib. – Yer, suv – Allohning inoyati. Biz esa uning suyukli bandalarimiz. Yaxshilik ishi minnat uchun qilinmaydi. Ariq qazish ham eng yaxshi amallardan biri. Qolaversa, bu ariq uni qazigan odamlarniki emas, elniki, mahallaniki. Xohlagan odam uning suvini ichsin.

Mojaro ustiga kelib qolgan yangi qoʻshnilar bir Safargul enaga, bir oʻjar va manman Saʼdullaga qaragancha jim turishardi.

- Norguloy, qani belkuragingni olib kelchi, - buyurdi Safargul ena Saʼdullaning ayoliga.

Qoʻshnilar oldida erining manmanligidan bir siqim boʻlib turgan Norguloy tezda belkurak keltirib, enaga tutqazdi.

- Oʻgʻlim, - dedi Safargul ena ariqdan Saʼdullaning tomorqasiga quloq ocharkan, - men onang-day bir odamman. Aslida seni oʻsha ariq qazilgan kundayoq yaxshilab savalashim kerak edi. Bu feʼling bilan oʻgʻlim, odamlarga el boʻlishing juda qiyin. Manmanlik, kibr-havo – shaytonning ishi. Shaytonning ishini qilmoq esa gunoh.

Onasi tengi nuroniy ayolning gaplariga biron narsa deyishdan ojiz qolgan Saʼdulla yer chizib qoldi. Safargul ena ochgan quloqdan sharillab oqqan suv bir zumda Saʼdullaning tomorqasiga yoyildi.

Shu voqeadan soʻng Saʼdulla oʻzgardi. Bosiq va muloyim boʻlib qoldi. Safargul ena oʻgʻlinikiga keyingi gal kelganida Anvarjon uni yaxshi xabar bilan kutib oldi:

- Saʼdulla biz qazigan ariqning bosh soqasiga beton quyib, shandor oʻrnatib berdi, - dedi u quvonib. – Endi quloqni ochib-yopishda qiynalmaydigan boʻldik.

Safargul ena mayin kulib qoʻydi.

 

Qoʻshnining tutuni

Salomat checha yangi tandir sotib oldi. Tandir uchun joy hozirlab, tezroq qurib olishni moʻljallab, ishni boshlab yubordi. Qishloq emasmi, tomorqa yeri anchagina keng edi. Tandirni oʻrnatish uchun tanlagan joyi ham bogʻ-rogʻga, molxona-yu dov-daraxtga zarar keltirmaydigan yerda.

Oʻgʻli Sardorjon joʻralari bilan bir pasda somonli loyni qorib berishdi. Yon qoʻshnisi Ismoil juda odamoxun, mehnatkash yigit-da, "checha”- "checha”, - deb odamning joni boʻladi-ya, oʻziyam. Salomat chechaning eri Duyshan ogʻa bilan ikkalasi tandirni oʻrnatib, somon suvoq urishdi-da, ichiga pastgina olov yoqishdi. Tandir asta-sekin qizigan sari Ismoil bilan Duyshan ogʻa galma-galdan tandir sirtiga somon suvoq urib turishdi.

- Ana endi boʻldi, - dedi Duyshan ogʻa qoʻlining loyini yuvarkan, - faqat erinmay, yaxshilab qizdirish kerak.

Ismoilning ayoli Zamira, yana ikki-uch qoʻshni ayollar "oʻng boʻlsin, toʻylarda non yoping, checha”, deb navbatma-navbat tandirga oʻtin tashlab turishdi. Tandirga yaqin joydagi oqtol ostiga sholcha toʻshab dasturxon yozgan Salomat chechaning kenja kelini qoʻshnilarini choyga taklif etdi. Biri soʻzlab, biri kulib, hazil-huzul bilan tandir qizdirayotgan qoʻshnilardan biri:

- Checha, endi bu tandirni qizdirib, yogʻli patir bilan goʻmma yopib, tandir ziyofat qilmasdan ketmaymiz, - dedi kulib.

- Xudo xohlasa, bari boʻladi! - Quvonch bilan dedi qoʻshnilaridan minnatdor Salomat checha.

Kun boʻyi tiniq boʻlgan ob-havo kechqurun biroz oʻzgardi, shamol esa boshladi. Bir-ikki tomchi yomgʻir ham tushdi. Saldan keyin yomgʻir tezlashib, bir-ikki daqiqa sharros quyib berdi. Tandirdagi oʻt oʻchmasligi uchun Duyshan ogʻa yordamida ayollar kattaroq toʻnkani qalab yuborishdi. Yomgʻir taʼsiridanmi, biroz muddat toʻnka tutab turdi. Shu payt kutilmagan voqea sodir boʻldi.

- Duyshan! – Koʻcha tomondan hovliga kirib kelayotgan yon qoʻshnisi Murod tajang ovozining boricha baqirdi.

Tandir boshidagi qoʻshni ayollar azbaroyi qoʻrqib ketishganidan yoqalariga "tuf”lab qoʻyishdi.

- Duyshan! – hamon ovozini pasaytirmay, baqirganicha Duyshan ogʻa tomon yurdi Murod tajang. – Yo tutuningni yoʻqot, yo tandiringni! Nima, men sening tutuningni yutadigan zavodingmanmi?

Duyshan ogʻa indamay turar, unga sari Murod tajang jazavaga tushib baqirardi. U koʻp gapirdi, soʻkindi, hatto tandir yaqiniga kelib tepindi. Duyshan ogʻa ham, Salomat checha ham lom-lim deyishmadi-yu, yangi tandirni tepgani uchun Ismoil chiday olmadi.

- Murod ogʻa, insofingiz bormi, axir bu tandir-ku, tandir Alloh taoloning olovxonasi-ya, tavba deng, - dedi Murod tajangning qoʻllaridan tutarkan.

U Ismoilni siltib yubordi:

- Qoʻy-ye, - dedi gʻazab bilan, - menga safsata soʻqma, hammang bir boʻlishib, meni kunlayapsizlar, boyligimni koʻrolmayapsizlar. Uyimni esa tutunga toʻldirdinglar!

U depsinganicha chiqib ketdi. Moʻʼjiza yuz berdimi, yo bekordan-bekorga dili ogʻrigan insonlarni Alloh yorlaqadimi, biroz oʻtib shamol oʻz yoʻnalishini oʻzgartirdi. Salomat checha qoʻshni ayollar bilan to tonggacha toʻxtatmasdan oʻt yoqib, yangi tandirni yaxshilab qizitishdi. Bir-ikki soat tandirni sovutib qoʻyishdi. Kelinlari tayyorlab qoʻygan yogʻli patir, goʻshtli goʻmmalar yopilgach, barchasi, oq tol tagida yangi tandirning tilaklarini qilishib, anchagacha chaq-chaqlashib oʻtirishdi. Faqat yon qoʻshnisi Murod tajang va uning ayoli Mehribongina chiqishmadi.

Shu voqeadan soʻng har gal Salomat chechaning kelinlari xamir qilishganida checha oʻtirib iltijo qiladi:

- Xudoyim, bugun shamol Murodlarning uyi tomonga esmasin-da!

Oradan bir yilcha vaqt oʻtdi. Bu orada Murod tajang bir necha marta Duyshan ogʻaga "tandiringni yoʻqot yoki tutuningni ol!”,- deb doʻq uraverib bezor qildi. Oxiri Duyshan ogʻa tandir uchun gaz tarmogʻiga alohida hisoblagich qoʻydirib, tabiiy gaz bilan qizitiladigan qilib berdi. Endi tandir masalasini hal qildim, tinchidim, deganida Murod tajang:

- Uyim tandiringdan chiqqan gaz isiga toʻlib ketdi, sen oʻzi menga dushmansan, - deydigan boʻldi.

Bezor boʻlgan Duyshan ogʻa kelinlariga tandirga non yopishni man qildi.

- Huv, mahalla guzaridagi nonvoy xotinga yoptiraqolinglar, - dedi oxiri.

Mana uch oydirki, Salomat chechaning kelinlari oshgan xamirni koʻtarib, mahalla guzariga borib, nonvoyga non yoptirishadi.

Shunday kunlarning birida Murod tajangning kelini dodlaganicha Duyshan ogʻanikiga kirdi.

- Yordam bering, molxona yonayotir!

Qoʻni-qoʻshni, ayol-u erkak – hamma Murod tajangnikiga chopishdi. Ogʻilxona yaqinida yoqilgan axlat uyumidan chiqqan uchqun tufayli ustiga xashaki oʻt bosilgan cherdakka oʻt ketgandi. Kim chelakda, kim tos laganda suv tashib turdi. Duyshan ogʻa bilan Ismoil tinmay olovga sepib, oʻtni oʻchirishga intilishdi. Ayollar chuvillashib molxonadagi mollarni boʻshatib, tovuqxona eshigini ochib yuborishdi. To oʻt oʻchiruvchi mashina yetib kelguncha olov oʻrlab Duyshan ogʻaning qoʻrasiga, undan Ismoilnikiga oʻtdi. Mol-hollarini boʻshatib yuborib, olovga tinmay suv sepib yurgan Duyshan ogʻani ham, Ismoilni ham odam tanib boʻlmasdi. Ikkalasining ham yuzi tutundan qorayib ketgan, faqat tishlari koʻrinardi. Olov oʻchirilgach, Duyshan ogʻa oyoq-qoʻllarida chidab boʻlmas ogʻriq sezdi. Uning qoshlari, soch-soqoli, yuzi ham anchagina kuygan, oyogʻi va qoʻllari shilinib ketgandi. Boz ustiga bozorda, tijoratda boʻlgan Murod tajang yongʻin chiqqanini eshitiboq yetib kelishi bilan Duyshan ogʻani soʻka boshladi.

- Aytmadimmi, sening tandiring meni xonavayron qiladi, deb. Sening umuman doʻstliging yoʻq...

U yana nimalar dedi, qanday haqorat soʻzlarni aytdi, Duyshan ogʻa uning gaplarini eshitmadi. Boshi gʻuvillaganicha yerga gursillab yiqildi. Tinmay olov bilan olishgan Duyshan ogʻa va Ismoilni shifoxonaga olib ketishdi. Ayol, bola-chaqasini, ularga qoʻshib Duyshan ogʻani boʻralab soʻkayotgan Murod tajangga hech kim "qoʻy, olov aslida sening hovlingdan chiqdi”, - demadi-yu, koʻpni koʻrgan keksa Oʻrozmat bobo hassasini Murod tajangga oʻqtalib, uning yuziga tupurdi:

- Odam emassan!, - dedi-yu bu yerni tark etdi.

Bir xaftadan soʻng Duyshan ogʻa bilan Ismoil shifoxonadan sogʻayib, uylariga qaytishdi. Ketma-ket omonlikka jonliq soʻyishib, xudoyi sadaqa berishdi. Ikki qoʻshni hovli oʻrtasidagi uch oydan beri olov koʻrmay, zax torta boshlagan Salomat chechaning tandiriga yana olov yoqib, boʻrsildoq nonlar, patirlar yopishdi. Moli-jonlari omon qolgani uchun shukronalar qilishdi. Xudoyi sadaqaga butun qishloq ahli keldi. Faqat bir kishi - Murod tajanggina koʻrinmadi, aftidan kelishga, qishloqdoshlariga, qoʻshnilariga koʻrinishga yuzi chidamadi.

Xudoyi sadaqa tarqagach, nuroniy Oʻrozmat bobo:

- Duyshan, Ismoil inim, - dedi bosiqlik bilan. – Odamzot beshikdan qabrgacha ilm va aql oʻrganadi. Birovning aqli erta, birovniki kech kiradi. Qani, turinglar, Murodboyni judayam chetlatib qoʻymaylik, uyiga kiramiz.

Bir tovoq palov ustiga goʻsht, patir bosib Murod tajangnikiga kirishdi.

- Kelinglar, - dedi u boshini yerdan koʻtaraolmay. Boshqa gap gapirmadi.

- Keldik, oʻgʻlim. Omonlikda gap koʻp, yaxshilikda – fazilat bisyor. Biz shu yoʻldan keldik, bolam...

Oʻrozmat ota: "sen unday qilganding, biz bunday”,- demadi. Murod tajangning qiliqlarini yuziga solib, izza qilmadi, urushmadi, soʻkmadi. Lekin shu kuni Murod tajangning yelkalari  silkinib-silkinib yigʻladi, soʻzsiz, hamqishloqlari koʻziga tik boqolmay, koʻp yigʻladi. Va yengil tortganday boʻldi. U oʻzini, insoniy tuygʻularini anglagan, ich-ichidan otilib chiqayotgan koʻz yoshmi, afsusmi, pushaymonmi, nimaligini oʻzi ham bilmaydigan oʻksik yigʻidan tamoman boshqa bir odamni – oʻzini topganday edi.

Oʻrozmat bobo, Duyshan ogʻa, Ismoil ketdi. Ularning ortidan umrida birinchi marta Murod qalbida iliq va  samimiy mehr bilan qarab qoldi.

 

Robiya YOʻLDOShEVA.

🎬 Videogalereya Barchasi →
Bolalar salomatligi nazoratda: gijja kasalliklariga qarshi profilaktika ishlari davom etmoqda Bolalar salomatligi nazoratda: gijja kasalliklariga qarshi profilaktika ishlari davom etmoqda 13.08.2026 Mustaqillikning 35 yilligiga munosib tuhfa: Amudaryoda 49 ta oilaga quvonch ulashilmoqda Mustaqillikning 35 yilligiga munosib tuhfa: Amudaryoda 49 ta oilaga quvonch ulashilmoqda 10.08.2026 Kuydirgi kasalligining oldini olishga qaratilgan maxsus-taktik oʻquv mashqi oʻtkazildi Kuydirgi kasalligining oldini olishga qaratilgan maxsus-taktik oʻquv mashqi oʻtkazildi 10.08.2026 Temir yoʻl sohasi faxriylari kasb bayrami munosabati bilan diydorlashdilar Temir yoʻl sohasi faxriylari kasb bayrami munosabati bilan diydorlashdilar 06.08.2026 Qoramon mahallasida elektr infratuzilmasi yangilanmoqda Qoramon mahallasida elektr infratuzilmasi yangilanmoqda 06.08.2026 Mehnat faxriysi, jamoat arbobi Yangiboy Rajapovning 80 yillik yubileyi nishonlandi Mehnat faxriysi, jamoat arbobi Yangiboy Rajapovning 80 yillik yubileyi nishonlandi 05.08.2026 Amudaryo tumanida gʻoʻza parvarishiga bagʻishlangan koʻrgazmali dala seminari oʻtkazildi Amudaryo tumanida gʻoʻza parvarishiga bagʻishlangan koʻrgazmali dala seminari oʻtkazildi 05.08.2026 Amudaryo tumanida obodonlashtirish ishlari jadallik bilan davom etmoqda Amudaryo tumanida obodonlashtirish ishlari jadallik bilan davom etmoqda 05.08.2026 “Inson” IHM xodimlari tomonidan “Yolgʻiz keksa” reyestriga kiritilgan fuqarolarning xonadonlarida hashar tashkil etildi “Inson” IHM xodimlari tomonidan “Yolgʻiz keksa” reyestriga kiritilgan fuqarolarning xonadonlarida hashar tashkil etildi 04.08.2026 Amudaryoda «Ishbilarmon ayol – 2026» koʻrik-tanlovining tuman bosqichi gʻoliblari aniqlandi Amudaryoda «Ishbilarmon ayol – 2026» koʻrik-tanlovining tuman bosqichi gʻoliblari aniqlandi 04.08.2026 Takroriy ekinlardan moʻl hosil olish yoʻlida Takroriy ekinlardan moʻl hosil olish yoʻlida 01.08.2026 Amudaryo tumanida Xalqlar doʻstligi kuni keng nishonlandi Amudaryo tumanida Xalqlar doʻstligi kuni keng nishonlandi 01.08.2026 Amudaryo tumanida navbatdagi sayyor qabul: Aholi muammolari joyida oʻrganildi Amudaryo tumanida navbatdagi sayyor qabul: Aholi muammolari joyida oʻrganildi 30.07.2026 Mustaqillik bayrami oldidan keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari davom etmoqda Mustaqillik bayrami oldidan keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari davom etmoqda 30.07.2026 Prezident qarori ijrosi: Amudaryoda qishloq xoʻjaligi sohasi vakillari ishtirokida seminar boʻlib oʻtdi Prezident qarori ijrosi: Amudaryoda qishloq xoʻjaligi sohasi vakillari ishtirokida seminar boʻlib oʻtdi 30.07.2026 Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 29.07.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 22-sessiyasi toʻgʻrisida axborot Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 22-sessiyasi toʻgʻrisida axborot 29.07.2026 Harbiy xizmat – shaxsiy kamolot va mardlik maktabi Harbiy xizmat – shaxsiy kamolot va mardlik maktabi 24.01.2025 SARHADLARIMIZ DAXLSIZLIGI, ONA VATAN TINChLIGI YOʻLIDA XALQ VA ARMIYa – BIR TAN-U BIR JONDIR SARHADLARIMIZ DAXLSIZLIGI, ONA VATAN TINChLIGI YOʻLIDA XALQ VA ARMIYa – BIR TAN-U BIR JONDIR 14.01.2025 Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning oldini olish mavzusida koʻrsatuv tasvirga olindi Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning oldini olish mavzusida koʻrsatuv tasvirga olindi 12.05.2024 Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning sabab hamda oqibatlari haqida koʻrsatuv tasvirga olindi Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning sabab hamda oqibatlari haqida koʻrsatuv tasvirga olindi 15.08.2023 Saylov jarayonidan videolavhalar Saylov jarayonidan videolavhalar 24.10.2021 Caylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni yuksak saviyada oʻtmoqda. Caylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni yuksak saviyada oʻtmoqda. 24.10.2021 "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 16-oktyabr kungi soni "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 16-oktyabr kungi soni 17.10.2021 "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 9-oktyabr kungi soni "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 9-oktyabr kungi soni 11.10.2021 Nazarxon ovuli oqar suv bilan taʼminlanmoqda Nazarxon ovuli oqar suv bilan taʼminlanmoqda 17.07.2021 Amudaryo tumanida Ramazon hayiti keng nishonlandi (video) Amudaryo tumanida Ramazon hayiti keng nishonlandi (video) 14.05.2021 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining birinchi sessiyasi toʻgʻrisida AXBOPOT (+video) Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining birinchi sessiyasi toʻgʻrisida AXBOPOT (+video) 15.01.2020 "Munozara" koʻrsatuvining 20.12.2019 kungi soni (siyosiy partiyalarning tuman Kengashlari ishtirokida) "Munozara" koʻrsatuvining 20.12.2019 kungi soni (siyosiy partiyalarning tuman Kengashlari ishtirokida) 21.12.2019 XALQAPO NOGIPONLAP KUNI MUNOSABATI BILAN TADBIP OʻTKAZILDI (+Video) XALQAPO NOGIPONLAP KUNI MUNOSABATI BILAN TADBIP OʻTKAZILDI (+Video) 04.12.2019