16.08.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
16.08.2026, 11:00
Adabiyot 👁 3,623

Kunlardan bir kun... MAHALLADA

Kunlardan  bir  kun... MAHALLADA

YaXShILIK YOʻLI

Baxtsiz tasodif tufayli ota-onasidan bir kunda ajralib qolgan Sultonmurodning bolaligi ham, yoshligi ham birovlarning  eshigida oʻtdi. Kim nima yumush buyursa, qilaverardi. Mehnatiga beriladigan arzimasgina chaqaga qanoat qilib, goh och, goho yupun yashasa-da, oʻz ehtiyojlaridan ortgan pullarini yigʻib, kitob sotib  olar, iloji boricha yaxshi oʻqishga intilardi. Har kimning xizmatini qilib yurib balogʻatga yetdi, norgʻul yigit boʻldi. Maktabni "aʼlo” baholarga tugatib, institutga oʻqishga kirdi. Oʻziga qulay boʻlishi uchun oʻqishini institutning kechki boʻlimiga oʻtkazib, Toshkent traktor zavodida ishladi. Qishlogʻiga qaytib kelganida ota-onasidan qolgan makon huvillab yotar, ikkala yon qoʻshnilari tomorqaning anchagina qismini egallab olishgandi. Sultonmurodning kelganini eshitib, ahvol soʻragani kirgan otasining bolalikdagi joʻrasi Nurulla bobo:

- Hech qisinma, bolam, - dedi bosiqlik bilan.  – Odamzotning koʻzi bir siqim tuproqqa toʻyadi. Ozga qanoat qilsang, koʻpga yetasan. Hovli-joyingni tartibga keltirib olaver, tomorqa yering bir gap boʻlar.

Sultonmurod Nurulla boboning maslahati bilan ish tutdi. Eski imoratning bir qismini buzib, yangilash taraddudiga tushdi. Maktabda ishlab yurib, doʻstlari koʻmagida toʻrt xonali shinamgina  uy qurib, tomini yopib oldi. Kelasi yili ayvon bilan qoʻshimcha ikki xona qurib, yangi hovlisining tomini shiferladi. Hash-pash deguncha oʻtgan uch yil ichida Sultonmurod ota makonini qayta tiklab, binoyiday hovli-joyli boʻldi. Olti yil davomida zavodda ishlab, ham oʻqib yurib, tirnoqlab yiqqan puli joniga oro kirdi uning.

- Endi bolam, bunday soʻqqabosh yurganing  yaxshi emas, - dedi bir kuni Nurulla bobo. – Koʻnglingga tugib qoʻyganing boʻlsa...

Sultonmurod bir entikib qoʻydi-yu, lekin indamadi. Axir qanday aytsin? Oldiga tushib, tugunini koʻtaradigan yaqinlari boʻlmasa. Borlari ham uzoqda, tumanning narigi chekkasida yashovchi ammasidan ne naf? Birovning eshigini ochish ham oson emas. U shularni oʻylab:

- Ozgina ishlay, ota, - dedi koʻzlarini yerga tikib.

- Shundogʻam ishlayverasan, koʻnglingdagini aytsang boʻldi, bolam. Otangning mahallaga koʻp xizmati singgan, buni hamma biladi. Nima, bitta sening toʻyingni oʻtkazish mahallaga ogʻirlik qiladimi? Gapning oʻgʻil bolasini aytsam, hech ham ogʻirlik qilmaydi-da.

Nurulla boboning koʻzlari yoshlandi.

- Ana, Izzat boshliq, uni otang oʻlimdan  asrab qolgan, tomirida Normurod joʻramning qoni oqib turibdi. Mening qizim-chi,  Nazira opang, uni katta kanal suvida oqib ketayotganida otang qutqarib qolgan. Ana oʻladi, mana oʻladi, deb Naziraning yuziga termulib oʻtirganimizda mashinasida Nukusga olib borib, katta doʻxtirlarga koʻrsatgan ham shu joʻram. E-ha, bolam-a, Normurod joʻramning el-yurtga qilgan yaxshi amallari juda koʻp, bilsang. Koʻchamizni asfalt qildirishga  bosh-qosh boʻlgan ham, yangi maktab qurilishini tezlashtirgan ham, ovulga tabiiy gaz tarmogʻi tortilishiga jon kuydirgan ham Normurod joʻram!..

Nurulla bobo doʻstining yaxshiliklari haqida toʻlqinlanib-toʻlqinlanib gapirdi. Sultonmurod boboning gaplarini jon qulogʻi bilan tinglasa-da, baribir, oʻzining uylanishi masalasiga butun mahalla ahli aralashayotganday, xijolat boʻldi.

- Ota, bu toʻgʻri kelmaydi, - dedi bosiqlik bilan. – Biroz ishlab, ul-bul jamgʻarib olay, keyin bir gap boʻlar.

Nurulla bobo indamadi-yu, lekin oʻz bilganidan qolmadi. Ertasigayoq Normurod joʻrasining yakka-yu yagona singlisi Guloyim yashaydigan qishloqqa yoʻl oldi. Bor gapni Guloyimning qulogʻiga yaxshilab "quygan” Nurulla bobo oradan bir hafta oʻtib, yana Sultonmurodni yoʻqlab keldi.

- Menga qara, bola, - dedi u choʻrt kesib, - endi mening aytganim boʻladi. – Yosh emassan, 28 ga kirding. Tengdoshlaring sunnat toʻylari qilaman, deb yurishibdi. Ertaga ammang  keladi, quda tushiladigan uyning manzilini ayt.

Sultonmurod ishning bunday tus olishini aslo kutmagandi, dovdirab qoldi.

- Manzili, manzili, - duduqlanib-duduqlanib zoʻrgʻa gapirdi u, - manzili Fayzulla akaning...

Nurulla boboning yuzi charaqlab  ketdi. Tizzasiga shapatilab oʻrnidan turdi-da, Sulotonmurodni bagʻriga bosdi.

- Mening koʻnglimdagi boʻldi-ya, bolam, - dedi u rostmana quvonib. – Oʻzim ham shu qizimni koʻzlab yurgan edim-da!

Fayzulla ogʻa Nurulla boboning oʻrtancha ukasi. Qizi Gulnora yaqinda institutni bitirgan, dorishunoslikka oʻqigan, odobli, tarbiyali qiz.

Sultonmurodning ammasi kelguniga qadar Nurulla boboning kelinlari non-u patir, qatlamalar pishirishdi. Xuddi oʻz oʻgʻlini uylantirayotganday, yelib-yugurib yurgan bobo meva-cheva-yu shira-sharbatni uyib tashladi. Yaxshilikning  qanotida uchib-qoʻnib Izzat boshliq  (u tumandagi katta bir korxona rahbari edi), mahalla oqsoqoli, Sultonmurod  ishlaydigan maktab direktori, mahallaning katxudolari birin-ketin  eshikdan: "Oʻng boʻlsin!”, - deb kirib kelishdi. Ota makonini yangilab olgan Sultonmurodga barchasi "barakalla”, deyishdi, hatto havas ham qilishdi.

- Sen mening tugʻishgan ukamdaysan, - dedi Izzat boshliq. – Agar otang  boʻlmaganida men bu dunyoda yashab yurmasdim. Oʻshanda meni urib ketgan mashina shofyori qochib ketganidan koʻp qon yoʻqotganman. Normurod ogʻa to tuzalgunimcha menga donorlik qilib, tepamda oʻtirgan ekanlar. Qarzimni uzish payti kelganida, sen uka, oʻzingni chetga olma.

- Normurod aka faqat el-yurtni oʻylardi-da oʻziyam, - mahalla oqsoqoli ham otasining qilgan  ezgu ishlaridan uzoq gapirdi.

Shu kuni Guloyim amma va Nurulla bobo, Izzat boshliq, mahalla oqsoqoli Hikmat akalar Fayzulla ogʻanikiga sovchilikka borib, quvonib qaytishdi.

Sultonmurodning toʻyi xabari butun mahalla ahlini quvontirib yubordi. Toʻyga oʻz soʻzida turib Izzat boshliq bosh boʻldi. Mahalla oqsoqoli toʻyxona xarajatlarini zimmasiga oldi. Nurulla bobo Sultonmurodning  ota-sining joʻralari nomidan zamonaviy  mebel  sovgʻa qildi. Hamqishloqlar sovgʻa-salom uchun keltirgan gilam- poyondozlar dasturxonxonaga sigʻmay ketdi. Bir toʻy boʻldi, bir toʻy boʻldiki, yaqin orada qishloq ahli bunday yayramagan edilar. Ammo...

devor

Toʻyga kelganlar Sultonmurodning ikki yon qoʻshnisining boshqalardan oʻzlarini tortishayotganini sezmay qolishmadi. Haqiqatan ham, ikkala yon qoʻshnilar negadir oʻzlarini aybdorday his qilishayotgani, boshqalarday toʻyda yayrab-kulolmayotgani oʻzlarining xatti-harakatlaridan sezilib turardi.

- Betlari kuyuk-da, - dedi dasturxonxonadagi ayollardan biri. – Normurod aka bilan Sanam opaning maʼrakalari oʻtib-oʻtmay, oʻrtaga ikki metr-ikki metrdan oʻtib, devor urib olishdi. Ota-onasi oʻlgani bilan Sultonmurod norasida bor-ku, deyishmadi. Nafs qursin-a, nafs qursin.

- Buni hamma biladi, - gapga aralashdi kayvoni ayollardan yana biri. – Bolasi bir goʻdak, unga hovli, tomorqa ne kerak, deyishgan-da.

- Mayli, qoʻyavering, - dedi mahallaning katta kayvonisi Sojida ena. – Toʻymaganning koʻzini tuproq toʻydiradi. Sultonmurodjon omon boʻlsin. Normurod ogʻa bilan Sanam opaning chirogʻi yonib turibdi-ku, shuning oʻzi katta gap.

Shu bilan ayollarning gapi yakun topdi-yu, toʻydan hafta-oʻn kun oʻtib,  xuddi oʻylashganday, avval chap yonidagi qoʻshnisi Olimboy eshikdan moʻraladi.

- Sultonmurod, inim, sen bilan kelishib olsak, - dedi u koʻzlarini yerdan uzmay.

- Nimani? – hayron boʻldi Sultonmurod.

- Shu, - talmovsiradi qoʻshni, - yer masalasida-da. Men bu devorni koʻtarish uchun falon ming soʻm xarajat qilib edim, shu chiqimni bersang, devorni buzmoqchi edim.

Sultonmurod qoʻshnisiga ajablanib qaradi. Axir unga devor haqida gap ochmagan boʻlsa.

- Aka, buzib ne qilasiz, men Siz bilan yer talashayotganim yoʻq-ku.

- Sen aytmaganing bilan odamlar aytishyapti-da, uka. Izzat boshliq, Nurulla bobo, oqsoqol...

- Mayli, aka, - dedi Sultonmurod, - men roziman. Odamlarning gapiga eʼtibor bermang, devoringiz oʻzi qulab tushguncha turaversin.

Qoʻshni ketdi. Sal oʻtib, oʻng tomon qoʻshnisi Sultonmurodni yoʻqladi. Bu qoʻshni anchayin dangalchi odam edi.

- Sultonboy, - dedi hol-ahvol soʻrashib boʻlgach, - oʻrtamizdagi devorning mening hovlim tarafida sening ikki yarim metr yering bor. Devor oʻrni bilan uch metr. Endi, uka, sen mendan rozi boʻl. Shu devorni bekor tiklagan ekanman. Buzib tashlada, yeringni ol. Bilasan, mazam yoʻq.

Sultonmurod hayron qoldi. U qoʻshni devorning xarajatini, bunisi esa rozilik soʻrayotir. U qanday yoʻl tutishni bilmay, jim oʻtirar, bot-bot hovlisining ikki tomonidagi ikki devorga, devor ortida yashnab turgan dov-daraxtlarga qarab qoʻyardi.

- Devor oʻzi qulab tushguncha turaversin, ogʻa, - dedi u bu qoʻshnisiga ham.

Qoʻshni ketdi. Oradan hafta-oʻn kunlar oʻtib Sultonmurod oʻqituvchilar malakasini oshirish institutiga oʻqishga ketdi. Bir oylik oʻqishdan qaytib kelib, u oʻz hovlisini taniyolmay qoldi. Ikkala qoʻshnisi ham oʻrtadagi devorlarni buzib, tekislab, Sultonmurodga tegishli yerni ajratib, hatto agʻdarib ham qoʻyishibdi. Ikkala qoʻshni ham birin-ketin Sultonmurodni koʻrgani kirishdi. Qilgan ishlaridan koʻngillari toʻlib, Sultonmurodni bagʻirlariga bosishdi.

- Rahmat, uka, - dedi biri, - endi mahalla oldida yuzim yorugʻ boʻldi.

- Sen menga kenglikni, odamgarchilikni oʻrgatding, uka, - dedi ikkinchisi.

Yangi kelin qoʻshnilari oldiga dasturxon yozdi, palov tortdi. Taom ustiga Nurulla bobo bilan oqsoqol va Izzat boshliq kirib kelishdi. Barchalari ming  yillik qadrdonlarday, suhbat qurishdi. Sultonmurodning hovlisi bilan qoʻshnilari oʻrtasida hech qachon devor boʻlmaganday, atrof, hovli-yu chorbogʻ shinam va fayzli edi.

 

Robiya YOʻLDOShEVA.

🎬 Videogalereya Barchasi →
Bolalar salomatligi nazoratda: gijja kasalliklariga qarshi profilaktika ishlari davom etmoqda Bolalar salomatligi nazoratda: gijja kasalliklariga qarshi profilaktika ishlari davom etmoqda 13.08.2026 Mustaqillikning 35 yilligiga munosib tuhfa: Amudaryoda 49 ta oilaga quvonch ulashilmoqda Mustaqillikning 35 yilligiga munosib tuhfa: Amudaryoda 49 ta oilaga quvonch ulashilmoqda 10.08.2026 Kuydirgi kasalligining oldini olishga qaratilgan maxsus-taktik oʻquv mashqi oʻtkazildi Kuydirgi kasalligining oldini olishga qaratilgan maxsus-taktik oʻquv mashqi oʻtkazildi 10.08.2026 Temir yoʻl sohasi faxriylari kasb bayrami munosabati bilan diydorlashdilar Temir yoʻl sohasi faxriylari kasb bayrami munosabati bilan diydorlashdilar 06.08.2026 Qoramon mahallasida elektr infratuzilmasi yangilanmoqda Qoramon mahallasida elektr infratuzilmasi yangilanmoqda 06.08.2026 Mehnat faxriysi, jamoat arbobi Yangiboy Rajapovning 80 yillik yubileyi nishonlandi Mehnat faxriysi, jamoat arbobi Yangiboy Rajapovning 80 yillik yubileyi nishonlandi 05.08.2026 Amudaryo tumanida gʻoʻza parvarishiga bagʻishlangan koʻrgazmali dala seminari oʻtkazildi Amudaryo tumanida gʻoʻza parvarishiga bagʻishlangan koʻrgazmali dala seminari oʻtkazildi 05.08.2026 Amudaryo tumanida obodonlashtirish ishlari jadallik bilan davom etmoqda Amudaryo tumanida obodonlashtirish ishlari jadallik bilan davom etmoqda 05.08.2026 “Inson” IHM xodimlari tomonidan “Yolgʻiz keksa” reyestriga kiritilgan fuqarolarning xonadonlarida hashar tashkil etildi “Inson” IHM xodimlari tomonidan “Yolgʻiz keksa” reyestriga kiritilgan fuqarolarning xonadonlarida hashar tashkil etildi 04.08.2026 Amudaryoda «Ishbilarmon ayol – 2026» koʻrik-tanlovining tuman bosqichi gʻoliblari aniqlandi Amudaryoda «Ishbilarmon ayol – 2026» koʻrik-tanlovining tuman bosqichi gʻoliblari aniqlandi 04.08.2026 Takroriy ekinlardan moʻl hosil olish yoʻlida Takroriy ekinlardan moʻl hosil olish yoʻlida 01.08.2026 Amudaryo tumanida Xalqlar doʻstligi kuni keng nishonlandi Amudaryo tumanida Xalqlar doʻstligi kuni keng nishonlandi 01.08.2026 Amudaryo tumanida navbatdagi sayyor qabul: Aholi muammolari joyida oʻrganildi Amudaryo tumanida navbatdagi sayyor qabul: Aholi muammolari joyida oʻrganildi 30.07.2026 Mustaqillik bayrami oldidan keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari davom etmoqda Mustaqillik bayrami oldidan keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari davom etmoqda 30.07.2026 Prezident qarori ijrosi: Amudaryoda qishloq xoʻjaligi sohasi vakillari ishtirokida seminar boʻlib oʻtdi Prezident qarori ijrosi: Amudaryoda qishloq xoʻjaligi sohasi vakillari ishtirokida seminar boʻlib oʻtdi 30.07.2026 Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 29.07.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 22-sessiyasi toʻgʻrisida axborot Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 22-sessiyasi toʻgʻrisida axborot 29.07.2026 Harbiy xizmat – shaxsiy kamolot va mardlik maktabi Harbiy xizmat – shaxsiy kamolot va mardlik maktabi 24.01.2025 SARHADLARIMIZ DAXLSIZLIGI, ONA VATAN TINChLIGI YOʻLIDA XALQ VA ARMIYa – BIR TAN-U BIR JONDIR SARHADLARIMIZ DAXLSIZLIGI, ONA VATAN TINChLIGI YOʻLIDA XALQ VA ARMIYa – BIR TAN-U BIR JONDIR 14.01.2025 Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning oldini olish mavzusida koʻrsatuv tasvirga olindi Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning oldini olish mavzusida koʻrsatuv tasvirga olindi 12.05.2024 Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning sabab hamda oqibatlari haqida koʻrsatuv tasvirga olindi Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning sabab hamda oqibatlari haqida koʻrsatuv tasvirga olindi 15.08.2023 Saylov jarayonidan videolavhalar Saylov jarayonidan videolavhalar 24.10.2021 Caylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni yuksak saviyada oʻtmoqda. Caylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni yuksak saviyada oʻtmoqda. 24.10.2021 "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 16-oktyabr kungi soni "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 16-oktyabr kungi soni 17.10.2021 "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 9-oktyabr kungi soni "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 9-oktyabr kungi soni 11.10.2021 Nazarxon ovuli oqar suv bilan taʼminlanmoqda Nazarxon ovuli oqar suv bilan taʼminlanmoqda 17.07.2021 Amudaryo tumanida Ramazon hayiti keng nishonlandi (video) Amudaryo tumanida Ramazon hayiti keng nishonlandi (video) 14.05.2021 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining birinchi sessiyasi toʻgʻrisida AXBOPOT (+video) Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining birinchi sessiyasi toʻgʻrisida AXBOPOT (+video) 15.01.2020 "Munozara" koʻrsatuvining 20.12.2019 kungi soni (siyosiy partiyalarning tuman Kengashlari ishtirokida) "Munozara" koʻrsatuvining 20.12.2019 kungi soni (siyosiy partiyalarning tuman Kengashlari ishtirokida) 21.12.2019 XALQAPO NOGIPONLAP KUNI MUNOSABATI BILAN TADBIP OʻTKAZILDI (+Video) XALQAPO NOGIPONLAP KUNI MUNOSABATI BILAN TADBIP OʻTKAZILDI (+Video) 04.12.2019